N A M A N G A N

Loading

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati yanada rivojlantiriladi.

Дом Yangiliklar Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati yanada rivojlantiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati yanada rivojlantiriladi.

Prezident Farmoni (PF-98-son, 23.06.2025 y.) bilan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish” konsepsiyasi tasdiqlandi.

 

Konsepsiyaga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

 

  • Mahalliy Kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarining nazorat faoliyatini takomillashtirish, byudjet va hududlarni rejalashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish;

 

  • aholi muammolari va hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni hal etishni “mahalla yettiligi” – tuman (shahar) Kengashi –viloyat Kengashi – Senat” tamoyili asosida kuchaytirish

 

  • Mahalliy Kengashlarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, qarorlar ishlab chiqishda keng jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash;

 

  • Mahalliy Kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish;

 

  • Mahalliy Kengashlar faoliyatining tashkiliy-institutsional asoslarini takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash;

 

  • Mahalliy Kengashlar faoliyatida o‘zaro va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

 

Mahalliy Kengashlar faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, “E-Kengash” elektron platformasini takomillashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Farmoni

O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

So‘nggi yillarda xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining (keyingi o‘rinlarda — mahalliy Kengashlar) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha vakolatlarining takomillashayotganligi, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilishi belgilanganligidan kelib chiqib, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:

(a) mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish;

(b) fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirish;

(v) hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirish va Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari hamda tuman va shahar Kengashlari vakolatlarini muvozanatli taqsimlash, har bir bo‘g‘indagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash;

(g) hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash.

II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari

2. Quyidagilar:

(a) O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

(b) O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida quyidagi vakolatlarni Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazish bo‘yicha takliflarga rozilik berilsin:

(a) davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini belgilash;

(b) dafn etish joylarini saqlash qoidalarini va dafn etish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tariflar miqdorini tasdiqlash;

(v) ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish;

(g) yo‘llarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yo‘l belgilari o‘rnatib) ruxsat berish.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

(a) budjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy budjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

(b) Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqqan holda, jamoatchilik asosida mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari tashkil etiladi;

(v) mahalliy Kengash huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doiralar vakillaridan iborat jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Maslahat guruhlari tashkil etiladi;

(g) mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etiladi;

(d) Xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari instituti tashkil etiladi.

5. Konsepsiya doirasida quyidagi takliflarni amalga oshirishga rozilik berilsin:

(a) viloyat, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarligiga nomzodlarni tegishli mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilish, Kengash sessiyalarida nomzodlar tomonidan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hududni rivojlantirish dasturlarini taqdim etish tartibini joriy etish;

(b) mahalliy Kengashlarda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish bo‘yicha “Kengash soati” institutini joriy qilish;

(v) mahalliy Kengashlar faoliyatining tashkiliy-moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalarini mahalliy budjet parametrlarida alohida ko‘rsatish orqali mehnatga haq to‘lash, rag‘batlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash shartlarini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat darajasidan past bo‘lmagan holda belgilash;

(g) mahalliy Kengashlarning Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalariga Kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, lavozimga tayinlanishida Kengash roziligi olinadigan mansabdor shaxslar tomonidan odob-axloq normalarini buzganlik bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish huquqini berish;

(d) Mahalliy Kengash qarorlarini qabul qilish jarayonlarining ochiqligini ta’minlash maqsadida fuqarolarning sessiya ishini bevosita kuzatish imkoniyatini yaratish. Bunda mahalliy Kengash sessiyalarida fuqarolarning sessiya ishiga aralashish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi tartibini belgilash.

III. Axborot va dasturiy ta’minot

6. Raqamli texnologiyalar vazirligi bosqichma-bosqich “E-Kengash” elektron platformasini “qulaylik — soddalik — xavfsizlik” tamoyili asosida doimiy takomillashtirib borsin. Bunda “E-Kengash” elektron platformasida quyidagi asosiy imkoniyatlar bo‘lishi nazarda tutilsin:

(a) mahalliy Kengashlar faoliyatiga doir hujjatlarni xavfsiz elektron arxiv platformasida (blockchain) saqlash imkoniyatini joriy etish;

(b) katta hajmli ma’lumotlar bilan ishlashda jamlangan namunaviy hujjatlar, tahliliy ma’lumot, hisobot va axborotlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali qaror loyihalarini ishlab chiqish jarayonida tezkorlik va qulaylik yaratish;

(v) “E-Kengash” elektron platformasini turli tashqi xavflardan himoya qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash va kiberhujumlarning oldini olish nuqtai nazaridan takomillashtirish;

(g) “E-Kengash” elektron platformasida hujjatlarni tasdiqlash va imzolashda Kengash raisini biometrik identifikatsiyalash (Face ID) texnologiyalarini joriy etish;

(d) sun’iy intellekt texnologiyalari asosida mahalliy Kengashlar qaror loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muhokama qilib borish tavsiya etilsin.

8. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu Konsepsiya doirasida amalga oshiriladigan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 23-iyun,

PF-98-son