N A M A N G A N

Loading

15-aprel — O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni muborak bo'lsin!

Home Yangiliklar 15-aprel — O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni muborak bo'lsin!

15-aprel — O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni muborak bo'lsin!

Hurmatli madaniyat va san’at sohasi fidoyilari!

Sizlarni 15-aprel – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Madaniyat va san’at xalq ma’naviyatining asosi, millatning tarixi va kelajagini bog‘lab turuvchi bebaho qadriyatdir. Shu ma’noda, bu yilgi kasb bayramimizning bosh g‘oyasi sifatida ilgari surilayotgan “Madaniyat o‘lmasin” shiori chuqur ma’no va yuksak mazmun kasb etadi.

Zero, madaniyat millatning xotirasi, uning o‘zligidir. Madaniyat bor joyda ma’naviyat, taraqqiyot va barqarorlik bo‘ladi. Madaniyat o‘lmas ekan – millat ham yashaydi.
Globallashuv sharoitida, turli mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan bir davrda madaniyat va san’at sohasi vakillarining mas’uliyati yanada ortmoqda. Sizlar jamiyat ma’naviy muhitini yuksaltirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelmoqdasiz.

Aziz do‘stlar!

Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida so‘nggi yillarda sohada qator tizimli islohotlar amalga oshirildi. Madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, teatr, kino, musiqa va nomoddiy madaniy meros yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etildi, milliy san’atimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, ijodkorlar va soha xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytirildi.

Bugungi kunda oldimizda turgan ustuvor vazifalar — madaniyatni jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylantirish, madaniyat markazlari va ijodiy muassasalar faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, milliy san’atimizni xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib qilishdan iborat.

Ishonchim komilki, sizlar o‘zingizning bilim, tajriba va iste’dodingiz bilan bu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda munosib hissa qo‘shasiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, ijodiy faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Yurtimizda madaniyat nuri doimo porlasin! Madaniyat o‘lmasin!

Hurmat bilan, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri — Ozodbek Nazarbekov

image-272.png